TOShKENT, 19 okt — Sputnik. “Hizbulloh” Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning qirg‘oq bo‘yidagi Kesariya shahridagi qarorgohi tomon dron uchirdi. Bu haqda uning idorasi xabar berdi.
“Dron bosh vazirning Kesariyadagi qarorgohi tomon uchirildi. Bosh vazir va uning rafiqasi u yerda bo‘lmagan, hodisa oqibatida qurbonlar yo‘q”, - deyiladi xabarda.
Shanba kuni ertalab Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) Livandan uchta dron uchirilgani haqida xabar bergan edi. Ulardan ikkitasi ushlangan, yana biri Kesariya hududidagi binoga borib urilgan.
Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi ziddiyatning keskinlashishi
Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi mojaro 2023-yil oktabr oyida Livan harakati HAMASni qo‘llab-quvvatlash uchun yahudiy davlatini o‘qqa tuta boshlaganida keskinlashdi. Mamlakatning shimoliy hududlarining o‘n minglab aholisi evakuatsiya qilindi.
23 sentabrdan beri SAXAL “Hizbulloh” nishonlarini ommaviy bombardimon qilmoqda, bunda harakat yetakchilari, jumladan, bosh kotib Hasan Nasrullo va uning ehtimoliy vorislari o‘ldirildi. 1-oktabr kuni Isroil armiyasi quruqlikdagi operatsiyani boshladi.