TOShKENT, 18 okt — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi markazi xodimlarini tabrikladi.
"Avvalo, siz, azizlarni mamlakatimizdagi nufuzli tibbiyot muassasalaridan biri – Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi markazi tashkil etilganining 50-yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman", - deyiladi tabrik so‘zida.
O‘z tabrik so‘zida Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda O‘zbekistonda xavfsiz onalik, ona va bola salomatligi masalalariga katta e’tibor berilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Xususan, Ona va bola salomatlik markazining 14 ta hududiy filiali va 46 ta tumanlararo perinatal markazi va 170 dan ortiq tug‘ruq kompleksi va 209 ta "Ayollar maslahatxonasi" tomonidan barcha viloyat va tumanlarda 9,2 million tug‘ruq yoshidagi ayollar qamrab olingani qayd etildi.
"Sizlarni bugungi quvonchli sana bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, mas’uliyatli faoliyatingizda yutuq va omadlar, oilalaringizga tinchlik va baxtu saodat tilayman", - dedi prezident.