O‘zbekstonda parlament saylovlari — 2024
2024 yil 27-oktabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyatlar, shahar va tuman kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston parlament saylovlarida muddatidan oldin ovoz berish boshlandi

Parlament saylovida muddatidan oldin ovoz berish 23-oktabrga qadar davom etadi.
Sputnik
TOShKENT, 16 okt — Sputnik. Bugundan O‘zbekistonda parlament saylovlarida muddatidan oldin ovoz berish boshlandi.
Saylov kodeksiga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganda tugaydi. Parlament saylovida muddatidan oldin ovoz berish 16-23 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Saylov kodeksiga muvofiq, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘la olmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.
MSK ma’lumotlariga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari uchastkalarda ish kunlari soat 9.00 dan 18.00 gacha, dam olish kunlari esa soat 11.00 dan 17.00 gacha davom etadi.
Xorijiy davlatlarda tashkil etilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish mahalliy vaqt bilan soat 9.00 dan 18.00 gacha o‘tkaziladi.
Saylovga oid ma’lumotlar:
Parlament saylovi 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi;
Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti 22-sentabrdan boshlangan;
O‘zbekistonda parlament saylovlari ilk bor aralash majoritar-proporsional tizm asosida o‘tkaziladi;
Qonunchilik palatasidagi 150 o‘rindan 75 deputat bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, qolgan 75 tasi esa siyosiy partiyalar uchun berilgan ovozlar asosida yagona saylov okrugi bo‘yicha saylanadi;
Bo‘lajak saylovda besh partiya bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha 375 nafar, yagona saylov okrugi bo‘yicha ko‘rsatilgan 500 nafar partiya ro‘yxatiga nomzodini ro‘yxatga oldi;
Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 11 nafar va mahalliy Kengashlarga 605 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar deputatlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olingan;
Saylov komissiyalari tarkibida 1 343 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda;
830 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan saylovchilarga ko‘mak beruvchi volontorlar biriktirilmoqda;
Saylovlarni o‘tkazish uchun 10717 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan, ulardan 56 tasi 39 ta davlatda, shu jumladan 7 tasi Rossiyada;
Toshkentdagi 16-raqamdan 25-raqamgacha bo‘lgan saylov uchastkalarida elektron ovoz berish imkoniyati yaratiladi.
O‘zbekistondagi parlament saylovlarini MDH PAdan 60 dan ortiq kuzatuvchi kuzatib boradi.
MSK bu yilgi saylovlardagi bulletenlarni mutlaqo yangi shaklda tasdiqladi. Ushbu saylov bulletenlarining ixchamligi bulletenni chop etish xarajatlarini kamida 3 mlrd so‘mgacha iqtisod qilish imkonini bermoqda. Bundan tashqari, har bir saylov turi uchun bulletenlarning rangi ham turlicha: Qonunchilik palatasining bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha saylov bulleteni och ko‘k rangda, yagona saylov okrugi bo‘yicha saylov bulleteni och yashil rangda, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashi saylovi bo‘yicha saylov bulleteni och sariq rangda, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi saylovi bo‘yicha saylov bulleteni och kulrang rangda.
Avvalgi saylovlarda ovoz berish natijalarini hisoblash uchun uchastka saylov komissiyalari o‘rtacha 4 soat vaqt sarflashgan bo‘lsa, yangi shakldagi saylov bulletenlari joriy etilishi ushbu vaqtni kamida 1 soatgacha qisqartirish, butun respublika bo‘yicha esa, komissiyalarning kamida 11 ming soatgacha vaqtini tejash imkonini beradi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) bosh kotibi Sergey Lebedev O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari saylovida Hamdo‘stlik kuzatuvchilari missiyasiga rahbarlik qiladi. Talaybek Masabirov O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovi uchun MDH PA kuzatuvchilari guruhi koordinatori etib tayinlandi.
Muddatidan oldin ovoz beruvchi saylovchilar saylov uchastkasini onlayn aniqlab olishlari mumkin.