TOShKENT, 14 okt — Sputnik. O‘zbekiston terma jamoasi Abu-Dabidagi dzudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turnirini 2 ta bronza medali bilan yakunladi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida dzudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turniri o‘z yakuniga yetdi.
Musobaqaning so‘nggi kunida og‘ir vazn toifalaridagi bahslar tashkil etildi.
“Bugun yurtdoshlarimizdan +100 kg vaznda kurashgan O‘tkirbek To‘raboyev bronza medali sohibiga aylandi. Polvonimiz uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda neytral maqomdagi atlet Tamerlan Bashayevdan ustun keldi va ilk bor mazkur tasnifdagi turnirda medal qo‘lga kiritdi”, — deyiladi xabarda.
Shu tariqa, dzudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi ushbu musobaqani 2 ta bronza medali bilan yakunladi. Turnirning ilk kunida Muhriddin Tilovov (-66 kg) ham shohsupaning uchinchi pog‘onasiga ko‘tarilgan edi.