TOShKENT, 10 okt — Sputnik. Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston birgalikda Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berishni ko‘paytirish maqsadida gaz transport tizimini modernizatsiya qilmoqda. Bu haqda Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumida Qozog‘iston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar aytib o‘tdi.
“Mazkur gaz quvuri hozir ishlab turibdi, ammo janubiy qo‘shnilarimizga gaz yetkazib berish hajmini oshirish uchun ma’lum ishlar amalga oshirilmoqda. Jarayonga "Gazprom", O‘zbekiston gazchilari jalb etilgan, chunki ishlar sinxron tarzda amalga oshirilishi kerak”, - dedi u gaz tashish tizimini modernizatsiya qilish haqidagi savolga javob berar ekan.
Sklyar, shuningdek, Qozog‘iston tomonida bu masala bilan "Kazaxgaz" kompaniyasi shug‘ullanayotganini ta’kidladi.
“Ta’kidlashni istardimki, bizning gaz transport tizimlarimiz o‘zaro bog‘langan, milliy kompaniyalarimiz hamjihatlikda ishlamoqda va bizning hududimizda amalga oshirilishi kerak ishlar kelishilgan muddatda yakunlanadi", - dedi Sklyar.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning 7-oktabr kuni Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Rossiya gazini Qozog‘iston orqali “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali O‘zbekistonga yetkazib berish jarayoniga start berishgan edi. Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya gazining O‘zbekistonga yillik tashish hajmini 2023-yildagi 1,28 milliard kub metrdan 2024-yilda 3,8 milliard kub metrgacha oshirish belgilangan. Kelgusida ufp yetkazib berish hajmi yiliga 11 milliard metr kubga yetkazish rejalashtirilgan.