TOShKENT, 11 okt — Sputnik. Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Ashxobodda Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya bilan keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolanishiga umid bildirdi.
“Umid qilamanki, biz ushbu kelishuvni Rossiyada bo‘lib o‘tadigan BRIKS sammiti chog‘ida imzolaymiz”, - deya uning so‘zlarini keltiradi matbuot xizmati.
Uchrashuv chog‘ida Pezeshkiyon Eron va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar strategik va samimiy ekanini, ikki davlat hamkorligi iqtisodiy va madaniy jihatdan kundan-kunga mustahkamlanib borayotganini qayd etdi.
Shuningdek, Eron prezidenti Pezeshkiyon Moskva va Tehronning xalqaro maydondagi pozitsiyalari o‘xshashligini ham aytib o‘tdi.
“Eron va Rossiya bir-birini to‘ldiruvchi ajoyib salohiyatga ega va bizning xalqaro maydondagi pozitsiyalarimiz (boshqa mamlakatlarga qaraganda – tahr.) bir-biriga yaqinroqdir”, — dedi Pezeshkiyon.
Yaqin Sharqdagi vaziyat boraida Pezeshkiyon G‘arb davlatlar ushbu mintaqada tinchlik o‘rnatilishini istamasligini aytib o‘tdi.
"Hozir mintaqadagi vaziyat og‘ir Amerika va Yevropa bu yerdagi vaziyatning tinchlanishini istamaydi", - dedi u Rossiya prezidenti bilan uchrashuvda.
Ashxobodda bo‘lib o‘tgan Putin va Pezeshkiyon o‘rtasidagi muzokaralar bir soatga yaqin davom etdi. Davlat rahbarlari o‘rtasidagi muloqot delegatsiyalar doirasida boshlandi, so‘ngra muzokaralar yuzma-yuz davom etdi, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Eslatib o‘tamiz, Mas’ud Pezeshkiyon prezident etib saylanganidan 3 kun o‘tib, (8 iyulda) Tehron Eronning “do‘sti va qo‘shnisi” Rossiya bilan keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolashga tayyorligini bildirgan edi. 18-sentabr kuni Rossiya prezidenti kelishuv loyihasini ma’qulladi, 4-oktabr kuni Islom Respublikasining Moskvadagi elchisi Kazem Jaloli hujjat imzolashga tayyorligini ma’lum qildi.
BRIKS assotsiatsiyasi 2006-yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, 2011-yilda Janubiy Afrika qo‘shilgan. 2024-yilning 1-yanvarida Misr, Eron, BAA, Saudiya Arabistoni va Efiopiya guruhning to‘liq a’zosi bo‘lgan edi.