Hozirda 11 mingdan ziyod talaba turizm yo‘nalishida ta’lim olmoqda — Umid Shodiyev

“Katta Oltoy” Oltoyshunoslik va turkiyshunoslik ilmiy-ta’lim markazi direktori O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining faxriy professori bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 10 okt — Sputnik. Toshkentda “Ipak yo‘li: turizm prizmasi orqali hamkorlik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad – Ipak yo‘li mamlakatlari o‘rtasidagi konstruktiv fikr va tajriba almashish, umumiy makonda turizmni rivojlantirishning yagona strategiyasini yanada shakllantirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash.
Ilmiy konferensiyada ishtirok etish uchun 250 nafardan ortiq ishtirokchilar, jumladan, Ozarbayjon, Misr, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Singapur, AQSh, Tojikiston, Turkiya va Yaponiyadan 25 nafar xorijiy mehmon taklif etildi.
Qayd etilishicha, tadbirda Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti bilan xorijiy va milliy hamkorlar o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanadi.
Ikki kunlik Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yakunlari bo‘yicha barqaror va “yashil” turizmni rivojlantirish hamda Ipak yo‘lida madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha qo‘shma amaliy tavsiyalar qabul qilinadi.

“Hozirda 35 ta oliy ta’lim muassasalarida 11 mingdan ziyod talaba va professional ta’limda 2 mingdan ortiq o‘quvchilar turizm yo‘nalishida ta’lim olmoqda. Joriy yilda O‘zbekiston prezidentining "Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu orqali yoshlarga yetakchi bo‘lgan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, turizmga oid ta’lim berish sifatini oshirishga erishish ko‘zlangan”, — dedi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy o‘quv yilida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda turizm ta’limi dasturlari xalqaro ta’lim muassasalari standartlari asosida qayta ishlab chiqildi.

“O‘quv jarayoniga blok modul tizimi asosida dual ta’lim shakli joriy etildi. Ya’ni talabalarga semestrning 2 oyi davomida universitetda nazariy ta’lim olish, qolgan 4 oyda esa bo‘lajak ish joyi, mehmonxona, turoperator, va boshqalarda amaliy bilmlar olish imkoniyati yaratib berildi. Bu yildan boshlab universitetlarning o‘zida ham amaliyot bazalari tashkil etish ruxsat berildi”, — dedi Umid Shodiyev.

Tadbirda so‘zga chiqqan Oltoy davlat universitetining xalqaro rivojlanish bo‘yicha prorektori Roman Raykinning ma’lum qilishicha, Rossiya va O‘zbekistonning iqlim sharoiti har xil, ammo turizmni rivojlantirish texnologiyalari nuqtayi nazaridan umumiy jihatlar mavjud.

“Katta Oltoy Oltoyshunoslik va turkiyshunoslik ilmiy-ta’lim markazi direktori O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining faxriy professori bo‘ldi. Yuliya Lisenko Oltoy davlat universitetining sharqshunoslik kafedrasi mudiri hamdir. Professor konferensiyada qatnasha olmadi, diplomini xalqaro rivojlanish bo‘yicha prorektor Roman Raykinga topshirildi", — deya ma’lum qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Tadbir ishtirokchilarining qayt etishicha, bugungi kunda ilmiy turizmni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar boshlangan. Turizmning bu yangi yo‘nalishi ham sohani, ham ilm-fanni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shmoqda.
Tadbirda turizm, madaniyat va tarix sohalaridagi mahalliy va xorijlik yetakchi olim va mutaxassislar, shuningdek, oliy va o‘rta ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, doktorantlar zamonaviy dunyo oldida turgan dolzarb muammolarni birgalikda muhokama qilinmoqda.
Yalpi majlisda, so‘ngra seksiyalarda 50 nafar ma’ruzachilarning Ilk Ipak yo‘lida shakllangan tarixiy jarayonlar, dastlabki davlatlardan tortib to Buyuk imperiyalargacha bo‘lgan davrlar, tarixiy-madaniy meros, uni yanada rivojlantirish istiqbollariga oid mavzularda ilmiy ma’ruzalari tinglanadi.
Konferensiya mavzularining alohida qismi “yashil” texnologiyalar va ekologik xavfsizlikka bag‘ishlandi. Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjuman birinchi yubiley – Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutining 5-yilligi doirasida o‘tkazilganini alohida ta’kidlandi.
“O‘zbekiston lol qoldira oladi”: Moskvada mamlakat turizm salohiyati taqdim etildi