TOShKENT, 9 okt — Sputnik. Ta’lim sohasidagi hamkorlik asosiy yo‘nalishlardan biridir. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchisi Botirjon Asadov Rossiya prezidenti maslahatchisi Anton Kobakov bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi, deb yozmoqda “Roskongress” jamg‘armasi matbuot xizmati.
Muloqotga respublika Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi rahbari o‘rinbosari Dilshod Ahmedov ham taklif etildi. Unda ikki tomonlama sheriklikning dolzarb masalalari va mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z bordi.
Botirjon Asadov Rossiya ta’lim muassasalarining respublikadagi filiallari sonini ko‘paytirishga alohida to‘xtalib, texnik va muhandislik mutaxassislarini tayyorlash sifatini oshirish zarurligini ta’kidladi.
“Ta’lim sohasidagi hamkorlik asosiy yo‘nalishlardan biridir. Ayni paytda O‘zbekistonda Rossiya oliy o‘quv yurtlarining 14 ta filiali faoliyat ko‘rsatmoqda. Tez orada yana 7 ta yangisi ochiladi, bu ularning umumiy sonini 21 taga yetkazadi. Hozirda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, Mendeleyev nomidagi Rossiya kimoviy texnologiya universiteti va boshqalarning vakolatxonalari mavjud. Biz Rossiya oliy o‘quv yurtlari, ayniqsa, muhandislik-texnologiya yo‘nalishidagi faoliyatini yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz, chunki bu qo‘shma loyihalar uchun kadrlarni muvaffaqiyatli tayyorlashning kalitidir”, — dedi elchi.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshdi. Bu iqtisodiyotning turli sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlik va samarali hamkorlikni mustahkamlash samarasidir.
“2024 yilning yetti oyida tovar ayirboshlash 29,1 foizga o‘sib, 6,8 milliard dollarni tashkil etdi. Bu hayratlanarli ko‘rsatkich, lekin bizning vazifamiz nafaqat tovar ayirboshlash hajmini oshirish, balki sanoat ishlab chiqarishi, ta’lim sohasidagi tashabbuslar, madaniy hamkorlik va xalqaro tuzilmalarda birgalikda ishtirok etish kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishdan iborat. Bu bizga o‘zaro hamkorlikning sifat jihatidan yangi darajasiga chiqish imkonini beradi”, — dedi Anton Kobakov.
BMT, BRIKS, ShHT, MDH va YeOII doirasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar o‘zaro manfaatli dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun ko‘p tomonlama formatlarda yaqin muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.
Uchrashuvda global iqlim o‘zgarishi fonida tobora dolzarb bo‘lib borayotgan Markaziy Osiyoda suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish masalalari ham ko‘rib chiqildi.