TOShKENT, 9 okt — Sputnik. O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 16-23 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi, deya xabar berdi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.
“Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun 2024-yil 16-23 oktabr kunlari muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish to‘g‘risidagi Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi”, — deyiladi xabarda.
Saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni quyidagi vaqtlarda bo‘lib o‘tadi:
ish kunlari soat 9:00 dan 18:00 ga qadar;
dam olish kunlari esa soat 11:00 dan 17:00 ga qadar.
“O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu saylov uchastkalari joylashgan davlatdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan 18:00 ga qadar amalga oshirilishi belgilab berildi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 27-oktabr kuni o‘tkaziladigan saylovda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 11 nafar va mahalliy Kengashlarga 605 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar deputatlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olingan.
Shuningdek, saylov komissiyalari tarkibida 1 343 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bundan tashqari, 830 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan saylovchilarga ko‘mak beruvchi volontorlar biriktirilmoqda.
Majlisda, shuningdek, Brayl alifbosi asosidagi trafaret namunasini tasdiqlash, yashirin ovoz berish kabinalari, optik lupalar (kattalashtiruvchi oynalar) hamda qo‘shimcha yoritkichlar o‘rnatish hamda saylovchilarning saylov kuni turgan joylarida ovoz berishini tashkil etish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.