TOShKENT, 7 okt — Sputnik. Ukraina maxsus operatsiya vaqtida Rossiyani zaharli moddalar ishlatganlikda ayblash uchun provokatsiya tayyorlamoqda. Bu haqda brifingda Radiatsiya, kimoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov ma’lum qildi.
“Hozirda Rossiya Mudofaa vazirligida Ukraina Rossiya Federatsiyasini harbiy harakatlar paytida zaharli moddalardan foydalanganlikda ayblash maqsadida provokatsiyalar tayyorlagani haqida ma’lumot bor”, — dedi u.
Kirillovning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevning rejasi quyidagicha:
8 oktabrda boshlanadigan Kimoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) Ijroiya kengashining 107-sessiyasida Rossiyaning zaharli moddalardan foydalanganligining soxta "dalillari" bo‘yicha materiallar taqdim etiladi;
Kiyev bu “dalillarni” KQTT vakillariga go‘yoki “mustaqil” hisobot tuzish uchun topshiradi;
Kiyev Rossiya vakillarini KQTT Texnik kotibiyatidagi lavozimlaridan mahrum qilishga intilmoqchi;
agar provokatsiya muvaffaqiyatli bo‘lsa, Rossiyaning Kimoviy qurol bo‘yicha konvensiya ishtirokchisi sifatida huquqlarini yo‘qotishi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi;
Rossiyaning zaharli moddalardan foydalangani haqidagi materiallar Suriyaga nisbatan qilinganidek BMT Xavfsizlik Kengashiga yuboriladi.
General, shuningdek, AQSh yaqinlashib kelayotgan provokatsiyaga aloqadorligini ta’kidladi – bu uning KQTTdagi vakili Nikol Shampeynning bayonotidan dalolat beradi.
Iyul oyida u AQSh noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan KQTT konferensiyasida Rossiyani javobgarlikka tortish masalasini ko‘tarish niyatida ekanligini ochiq aytdi. Bundan tashqari, Ukrainaga shaxsiy himoya vositalarining haddan tashqari ko‘p miqdorda yetkazib berilishi yana bir dalildir.
Shunday qilib, AQSh tomonidan nazorat qilinadigan va istalmagan davlatlar bilan hisob-kitob qilish uchun foydalaniladigan KQTT negizida yana bir platforma shakllandi, deya qo‘shimcha qildi Kirillov.
Shu bilan birga, Ukrainaning o‘zi maxsus harbiy operatsiya davomida Donesk, Bogdanovka, Gorlovka, Kremennaya, Artyomovsk, Krasniy Liman va Boguslavskiy yo‘nalishlarida xloropikrin, Bi-Zet, sinil kislotasi, xlorsian kabi kimoviy moddalardan 400-martadan ortiq foydalangan, deb ta’kidladi general.
Uning qayd etishicha, 11-avgust kuni Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatining Sudja shahrida DM-105 kimoviy snaradlarini qo‘llagan, natijada 20 dan ortiq odam jarohatlangan. Bundan tashqari, Rossiya qo‘shinlari Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan tutun snaradlari niqobi ostida kimoviy quroldan yashirin foydalanish faktlarini oshkor qildi. Moskva KQTT Texnik kotibiyatiga barcha kerakli dalillarni taqdim etdi, ammo mazmunli javob olmadi, deya xulosa qildi Kirillov.