TOShKENT, 6 okt — Sputnik. Malayziyalik mutaxassislar O‘zbekistonda islomiy sug‘urta tizimini joriy etishni taklif etdi. Bu haqda O‘zbekiston elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z bordi, deya xabar berdi “Dunyo” AA.
O‘zbekiston elchixonasida Malayziyaning "Startegic Horizon Management System" kompaniyasi bosh konsultanti Sayful Baxri bin Saroni va "Abkari Risk Management" kompaniyasi direktori Idrus bin Mat Nayan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot avvalida Malayziya islomiy sug‘urtasi – takaful va uni O‘zbekistonda joriy etish istiqbollari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi.
Sayful Baxrining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarining yildan yilga islom moliyasi xizmatlariga qiziqishi ortib borayotganligi sababli mamlakatda islom sug‘urtasini ravnaqi uchun katta salohiyat mavjud.
“Malayziyalik mutaxassislar O‘zbekistonda dastlabki bosqichda davlat sug‘urta kompaniyalari tarkibida alohida takaful xizmatlarini tashkil etish orqali ushbu tajribani bosqichma-bosqich xususiy sug‘urta kompaniyalarida tatbiq etishni taklif qilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Buning uchun Malayziya tomoni "Syarikat Takaful Malaysia Bhd.", "Takaful Ikhlas Sdn. Bhd" va "ETIQA Takaful Bhd." kabi mamlakatning hukumatga tegishli islomiy sug‘urta kompaniyalarini O‘zbekiston davlat sug‘urta kompaniyalari bilan hamkorlikka jalb etish masalasini ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.
Malayziya hukumati islomiy sug‘urta ekotizimini yaratish bo‘yicha 1982-yilda ilk tamal toshini qo‘ygan. 1984-yilga kelib Takaful to‘g‘risida qonun qabul qilingan va shu yilning o‘zida birinchi islom sug‘urta davlat kompaniyasi tashkil etilgan.
Takafulning oddiy sug‘urtadan farqi – unda maxsus sug‘urta jamg‘armasi tuziladi. Jamg‘arma a’zolari oldindan e’lon qilingan tartib-qoidaga ko‘ra, sug‘urta uchun to‘langan badallar jamg‘armaga kiritiladi. Jamg‘arma esa o‘z mulkiga aylangan ushbu mablag‘lar hisobidan a’zolarining tegishli zararlarini qoplab turadi. Yil yakunida sug‘urtadan ortgan mablag‘larning bir qismi jamiyat nizomidagi tartib-qoidalar asosida keyingi yillar zaxirasiga olib qo‘yilishi yoki a’zolar o‘rtasida taqsimlanishi ham mumkin.