TOShKENT, 5 okt - Sputnik. O‘zbekistonda rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etiladi. Bu haqida 4-oktabr kuni imzolangan Hukumat qarorida aytib o‘tildi.
Markaz Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi muassisligida tashkil etiladi va quyidagi vazifalarni bajaradi:
ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar asosida davlat fuqarolik xizmatchilari uchun bazaviy, alohida lavozim yoki lavozimlar guruhi uchun kompetensiyalar modeli hamda indikatorlarini ishlab chiqish;
davlat fuqarolik xizmatchilarini shaxsiy-professional diagnostika qilish, kompetensiyalar modeli asosida kompleks baholash;
kompetensiyalarni baholash jarayonida foydalanish uchun doimiy ravishda yangi uslublarni ishlab chiqish, o‘zlashtirish va joriy qilish;
kompetensiyalarni baholash natijalari asosida rahbar kadrlar uchun shaxsiy-professional rivojlanish trayektoriyasini ishlab chiqish va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshirish;
rahbarlik lavozimiga nomzodlarni umumiy kasbiy bilimi, qadriyatlari va aqliy salohiyatini aniqlash bo‘yicha test sinovlarini hamda psixologik so‘rovnomalar o‘tkazish;
rahbar kadrlar faoliyati samaradorligini baholash va monitoring qilish, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni prognoz qilish, ularni saralab olish va joy-joyiga qo‘yish jarayonlariga raqamli texnologiyalarini va zamonaviy usullarni keng joriy etish;
faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ekspert-tahliliy faoliyat, ilmiy tadqiqot va izlanishlarni olib borish.
O‘zbekiston Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Rossiya Xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi (RANXiGS) qoshidagi Davlat boshqaruvi oliy maktabining Rahbar kadrlarni baholash va rivojlantirish fakulteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani haqida oldinroq xabar bergan edik.