TOShKENT, 4 okt – Sputnik. Isroilning juma oqshomida Bayrutga bergan zarbasining ehtimoliy nishoni Livandagi "Hizbulloh"ning yangi bosh kotibi bo‘lishi mumkin, deya xabar beradi "Axios" portali Isroil rasmiylariga tayanib.
Avvalroq RIA Novosti muxbiri Isroil harbiy-havo kuchlari samolyotlari Bayrut xalqaro aeroportiga tutash Leylaki mahallasiga 20 taga yaqin zarbalar berganini ma’lum qilgandi.
“Isroilning Bayrutga zarbasi nishoni "Hizbulloh"ning yuqori martabali yetakchisi, Hasan Nasrullohning ehtimoliy vorisi Hoshim Safi ad-Din bo‘lishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
"Axios" xabariga ko‘ra, zarba vaqtida Safi ad-Din yerosti bunkerida bo‘lgan.
Avvalroq "The New York Times" gazetasi Hoshim Safi ad-Din tashkilot rahbari Hasan Nasrullohning o‘limidan so‘ng "Hizbulloh"ning yangi rahbari bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.
Isroil Livanning janubida "Hizbulloh" kuchlariga qarshi quruqlikdagi operatsiyani 1-oktabrda boshladi va qo‘shni davlatni havodan bombardimon qilishda davom etmoqda. Bu yerda allaqachon mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, 90 mingdan ortiq kishi jarohatlandi. Yo‘qotishlarga qaramay, "Hizbulloh" quruqlikdagi janglarni olib bormoqda va Isroil hududiga raketa hujumlarini uyushtirmoqda.