Chiqindilarni boshqarish agentligi tashkil etiladi

Yangi agentlik aholi va sanitar tozalash korxonalari o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida tashkil etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 4 okt - Sputnik. O‘zbekistonda ️Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. Bu haqida 26-sentabr kuni imzolangan prezident farmonida aytib o‘tilgan.
Yangi agentlik aholi va sanitar tozalash korxonalari o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi negizida tashkil etiladi.
Agentlik chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida yagona meyorlar va standartlarni ishlab chiquvchi, sinovdan o‘tkazuvchi va amaliyotga tatbiq etuvchi, ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtiruvchi hamda chiqindilarni boshqarish sohasiga taalluqli davlat mulkini boshqaruvchi mas’ul davlat organi hisoblanadi.
2025 yil 1-martdan sanitar tozalash korxonalari faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini aniqlash mezonlari tasdiqlanadi.
Shuningdek, farmonga ko‘ra 2026-yil 1-yanvardan:
chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlarni tadbirkorlarga berish bo‘yicha tenderlarni onlayn kuzatish imkoniyatini yaratish;
chiqindi to‘plash shoxobchalariga videokuzatuv kameralarini o‘rnatish va aholi tomonidan kuzatish imkoniyatini yaratish;
chiqindilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi barcha maxsus texnikalarga onlayn kuzatuv (GPS) tizimini o‘rnatish;
sanitar tozalash korxonalari bilan qayta aloqa qilish uchun “Call markaz” faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
sanitar tozalash korxonalari xizmat ko‘rsatuvchi hududlarning geografik chegarasi hamda aholi va yuridik shaxslarga biriktirilgan chiqindilarni yig‘ish maydonchalari (konteyner) joylashuvi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar berish;
abonentlarning hosil bo‘lgan chiqindilarini olib chiqib ketish grafigini ko‘rsatish tashkil etiladi.