O‘zbekiston va YeOII

O‘zbekistonning “Yashil makon” umummilliy loyihasi YeOII xalqaro tanlovida g‘olib bo‘ldi

Yerevanda “Yashil Yevroosiyo” ikkinchi xalqaro iqlim tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 3 okt — Sputnik. O‘zbekistonning “Yashil makon” umummilliy loyihasi xalqaro tanlovda g‘olib deb topildi, deya xabar berdi Ekologiya vazirligi.
O‘zbekistonda yashillik darajasini oshirishga qaratilgan "Yashil makon" umummilliy loyihasi Yerevanda bo‘lib o‘tgan “Yashil Yevroosiyo” ikkinchi xalqaro iqlim tanlovida “Yangi iqlim sharoitida qishloq va o‘rmon xo‘jaligi” nominatsiyasida g‘olib deb e’tirof etildi.
Tanlovda O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ikkita loyihasi g‘olib loyihalar qatoridan o‘rin oldi. Bular "Yashil makon” umummilliy loyihasi hamda "Green University" (“Iqlim sohasida ma’rifat va ta’lim” nominatsiyasi).
“O‘zbekistonda yashillik darajasini oshirish bo‘yicha 5-yildan beri amalga oshirilayotgan ishlar tanlov komissiyasi a’zolarida iliq taassurot qoldirdi”, — deyiladi xabarda.
Tadbir davomida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi rahbari Baxitjan Sagintayev tanlov g‘oliblari va sovrindorlariga videomurojaat yo‘lladi.
“Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining har bir davlati iqlim bo‘yicha kun tartibi doirasida o‘z xalqaro majburiyatlarini mustaqil ravishda amalga oshiradi. Shuning uchun “Yashil Yevroosiyo” tanlovini mamlakatlar tomonidan ushbu sohada erishilayotgan milliy yutuqlarning o‘ziga xos namoyishi deb hisoblash mumkin. Bu yutuqlar uglerod ishlab chiqarish va chiqindilarni kamaytirish uchun texnologiyalarni keng xalqaro almashish va foydalanishga qaratilgan. Global maqsadlarga erishishga salmoqli hissa qo‘shayotgan, shuningdek, umumiy kelajagimizni yaxshilashga ko‘maklashayotgan barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirmoqchiman”, — dedi Sagintayev.
Ma’lumot uchun, "Yashil makon" umummilliy loyihasi O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan boshlandi. Loyiha doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish va shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni 30 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Eslatib o‘tamiz, kuzgi ko‘chat ekish mavsumida respublika bo‘yicha 134 ta “Yashil bog‘”lar barpo etiladi. “Mening bog‘im” loyihasi doirasida g‘olib deb topilgan 215 ta tashabbuslarning loyiha hujjatlari ishlab chiqiladi va kuzgi ko‘chat ekish mavsumida “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklarini” barpo etish ishlari boshlanadi.
Yil yakuniga qadar Orolbo‘yi mintaqasida 300 ming gektar maydonda shundan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 200 ming, Navoiy viloyatida 50 ming, Buxoro viloyatida 40 ming va Xorazm viloyatida 10 ming gektar maydonda “Yashil qoplamalar” barpo etiladi.