TOShKENT, 3 okt — Sputnik. O‘zbekistonda "Paypal", "Apple Pay" va "Google Pay" xalqaro onlayn to‘lov xizmatlari ishga tushadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, to‘lov xizmatlari shu yilning yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
“Markaziy bank Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda xalqaro onlayn to‘lov kompaniyalari ("Paypal", "Alipay", "UniPay", "Apple Pay", "Google Pay" kabi) bilan muzokara o‘tkazib ushbu vositalarni O‘zbekistondagi to‘lov tizimlari va bank xizmatlariga ulashni yo‘lga qo‘ysin, zarur hollarda, milliy qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritsin”, — deyiladi hujjat matnida.
Shuningdek, avtotransport vositalarini ijaraga berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi mahalliy va xorijiy kompaniyalar faoliyatini mamlakatning aeroport va temir yo‘l vokzallari hududlarida yo‘lga qo‘yish uchun qulay sharoitlar yaratiladi.