TOShKENT, 3 okt — Sputnik. Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi raisi etib saylandi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar sport boshqarmasi mas’ullari, poytaxt sport maktablarining rahbarlari hamda shaxmat bo‘yicha murabbiy-mutaxassislari ishtirokidagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
“Yig‘ilishda Toshkent shahar hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Shavkat Umurzoqov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi raisi etib saylandi”, — deyiladi federatsiyaning Toshkent shahar bo‘limi xabarida.
Shu bilan birga rais o‘rinbosarlari, ijrochi direktori hamda kotibi ham saylandi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprel oyida Shavkat Umurzoqov Toshkent shahar hokimi etib tasdiqlangan edi.
Shavkat Umurzoqov 1979-yilda tug‘ilgan. 2022-yil 22-fevral kuni u O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti etib tayinlangan. 2018-yildan "O‘zavtosanoat" kompaniyasi rahbari bo‘lgan. 2013-2018 yillarda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish departamentini boshqargan. 2011-yilning iyun oyidan 2013-yilning sentabrigacha Toshkent viloyati prokuraturasida uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.