TOShKENT, 2 okt — Sputnik. Shaharlardagi atmosfera qatlamlarining past shamollatilishi, shahar transportining ko‘pligi, yo‘llarning tirbandligi, keng ko‘lamli qurilishlar, yashil hududlarning kamligi atmosfera havosining yuqori ifloslanishiga olib kelmoqda. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 29-sentabr soat kechki vaqtda Toshkent shahrida RM2,5-mayda dispersli zarrachalar konsentratsiyasi 166 mkg/m3 ni tashkil etib, xalqaro IQAir ma’lumotlar bazasida dunyoda eg ifloslangan shaharlari reytingida 2-o‘rinda belgilandi.
“So‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish jarayonlarining kuchayishi natijasida tabiiy changlar konsentratsiyasi ko‘rsatkichlarining oshishi hamda ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining ko‘payishi atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar miqdorining sezilarli ortishiga sabab bo‘lmoqda. Bu respublikada, ayniqsa, Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi oshishiga ta’sir qilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Respublikada havoning chang bilan ifloslanishi tabiiy (quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar) va antropogen (transport, sanoat, qurilish tashlamalari) omillar bilan bog‘liq. Shuningdek, kuchsiz shamollar, harorat inversiyasi, atmosfera havosining turg‘unligi kabi sabablar ham atmosfera havosining tabiiy ifloslanishi uchun sharoit yaratadi.
“Bundan tashqari, shaharlardagi atmosfera qatlamlarining past shamollatilishi, shahar transportining ko‘pligi, yo‘llarning tirbandligi, keng ko‘lamli qurilishlar, yashil hududlarning kamligi — bularning barchasi meteorologik sharoitlar va antropogen yuklama atmosfera havosining yuqori ifloslanishiga olib kelmoqda”, — deya oydinlik kiritdi vazirlik.
Ma’lumot uchun, Toshkentda 638,8 mingdan ortiq transport vositasi mavjud. Unga qo‘shimcha ravishda bir kunda poytaxtga o‘rtacha 150 mingdan 300 mingggacha transport vositasi kirib keladi. Toshkentda transport vositalaridan atmosfera havosiga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori 2021-yilda 212,4 ming tonna, 2022-yilda esa 403 ming tonnani tashkil etgan. Ya’ni zararli tashlamalar 190,6 ming tonnaga (47,3 %) ko‘paygan.