Toshkent davlat agrar universiteti hududidagi yong‘in yuzasidan jinoiy ish ochildi

Toshkent davlat agrar universitetidagi yong‘inni o‘chirishga ikki soat sarflangan.
Sputnik
TOShKENT, 1 okt — Sputnik. Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti hududida sodir bo‘lgan yong‘in holati yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Viloyat IIBB matbuot kotibi Bobur To‘laganovning aniqlik kiritishicha, jinoiy ish O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan ochilgan va tergov ishlari olib borilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, yong‘in haqidagi xabar 30-sentabr kuni soat 20:10 da kelib tushgan.
Shunga ko‘ra yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 20:17 da hodisa joyiga yetib borgan va yong‘in soat 21:36 da qurshab olingan. Yong‘inni soat 22:10 da batamom o‘chiririshga muvaffaq bo‘lingan.
Yong‘inni bartaraf etish jarayonini FVV rahbari vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev bevosita joyidan boshqarib borgan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.