OAV: Isroil Livan janubida operatsiya boshladi

Isroil harbiy-siyosat rahbari Livanda operatsiyaning yangi bosqichini o‘tkazishni ma’qullagan.
Sputnik
TOShKENT, 1 okt — Sputnik. Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) Livan janubida “Hizbulloh” guruhi bilan bog‘liq nishonlarga qarshi cheklangan va maqsadli reydlar boshlaganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
Qayd etilishicha, Isroil Harbiy-havo kuchlari va artilleriyasi SAXAL quruqlikdagi qo‘shinlariga operatsiya chog‘ida yordam berib, harbiy obyektlarga zarba bermoqda.
“Ynet” portalining xabar qilishicha, Isroil harbiy-siyosat rahbari Livanda operatsiyaning yangi bosqichini o‘tkazishni ma’qullagan. Shu bilan birga, ayrim vazirlar Tel-Aviv Vashingtonni o‘z rejalari haqida xabardor qilganidan keyin Amerika tomonidan bu ma’lumotlar ommaga sizdirilganini qoralagan.
Keyin Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant Livandagi operatsiyani amerikalik hamkasbi Lloyd Ostin bilan muhokama qilgan.
“Ular (vazirlar – tahr.) Livanning “Hizbulloh” harakati 7-oktabr kuni Isroilning shimoliy hududlaridagi kabi hujumlarni amalga oshira olmasligini kafolatlash maqsadida chegara bo‘ylab hujumlar uchun infratuzilmalarni yo‘q qilish zarurligi borasida bir fikrga kelishdi”, - deyiladi Pentagon bayonotida.
Avvalroq Isroil armiyasi Livan bilan chegaradosh hududlarning bir qismini yopiq harbiy hudud deb e’lon qilgan edi.
Rossiya TIV Livandagi voqealar rivojidan xavotir bildirdi
Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi mojaroning keskinlashishi
Livan va Isroil o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat o‘tgan yil oktabrida G‘azo sektorida boshlangan harbiy harakatlardan buyon tarangligicha qolmoqda.
17 va 18-sentabr kuni Livanning turli hududlarida avvaliga peyjerlar, keyin esa ratsiyalar bir vaqtning o‘zida portlab ketganidan keyin vaziyat yanada keskin tus oldi.
OAVlar bu aloqa vositalaridan asosan “Hizbulloh” a’zolari foydalanganini yozishdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 37 kishi halok bo‘lgan, uch mingdan ziyod kishi jarohat olgan. Livan hukumati sodir bo‘lgan voqeadagi javobgarlikni Isroil zimmasiga yukladi. Tel-Aviv bunga aloqadorligini na tasdiqladi, na inkor etdi.
24 sentabr kuni Isroil Harbiy-havo kuchlari Livan janubi va sharqidagi qishloqlarga yoppasiga zarba berdi. SAXAL Bosh shtabi “Shimol o‘qlari” hujum operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Livanning o‘nlab qishloqlari o‘qlar yomg‘iri ostida qoldi.
Isroil zarbalari oqibatida 27-sentabr kuni “Hizbulloh”ning bosh kotibi Hasan Nasrulloh va ko‘plab yuqori lavozimli qo‘mondonlar halok bo‘lgani ma’lum qilindi.
“Hizbulloh” harakati o‘z navbatida Isroilning shimoliy hududlariga raketa zarbalari bilan javob qaytarmoqda.
Yer yuzidagi eng xavfli odam yangi urush boshlamoqda