TOShKENT, 30 sen — Sputnik. Rossiya korxonasi O‘zbekistonda o‘pkani sun’iy shamollatish moslamalarini ishlab chiqarmoqchi, deya xabar berdi “Dunyo” AA.
O‘zbekistoni Bosh konsulxonasi xodimlari Rossiyaning "Treaton" korxonasining tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha direktori Anton Yuzerovich bilan uchrashdi. Unda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Korxona vakili O‘zbekiston bilan o‘pkani sun’iy shamollatish moslamalarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.
"Agar O‘zbekiston tomoni manfaatdor bo‘lsa, kompaniya ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich mahalliylashtirish orqali mazkur tibbiy asbob-uskunalarni respublika hududida yig‘ishni tashkil etishi mumkin", — dedi u.
Aytilishicha, ushbu loyihani ishga tushirish masalalarini muhokama qilish uchun korxona vakillari O‘zbekistonga keladi.