TOShKENT, 30 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidentning tegishli farmoni bilan Komil Allamjonov boshqa ishga o‘tishi munosabati sababli prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Komil Allamjonov 1984-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006-yili O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini, 2010-yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2005–2013 yillarda soliq qo‘mitasida ishlagan.
Allamjonov 2017-yil dekabrida O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati rahbari bo‘lgan, 2018-yil noyabrida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga rahbar bo‘lgan (2019 yil fevralidan bu tashkilot prezident administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi sifatida qayta tashkil etilgandi).
U 2020-yil yanvar oyida Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi vasiylik kengashi raisi sifatida ish boshlagan, 2022-yil iyulida prezident administratsiyasi rahbariga o‘rinbosar bo‘lgandi.
2023 yil avgustidan buyon prezident administratsiyasi axborot siyosati departamenti rahbari lavozimida ishlab kelayotgandi.