O‘zbekiston yerong‘oqlari eng ko‘p kimga sotilgani ma’lum bo‘ldi

Yerong‘oq eksporti o‘tgan yilga qaraganda oshdi.
Sputnik
TOShKENT, 29 sen — Sputnik. O‘zbekiston shu yilning 8 oyida eng ko‘p yerong‘oqni Ozarbayjonga eksport qildi, deya xabar berdi Statistika agentligi.
Yanvar-avgust oylarida respublika xorijga qiymati 7,4 mln dollarga teng bo‘lgan 5,5 ming tonna yerong‘oq eksport qilgan.
“Yerong‘oq eksporti qiymati o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 73,7 % ga oshgan”, — deyiladi agentlik xabarida.
O‘zbekiston 8 oyda eng ko‘p yerong‘oq eksport qilgan davlatlar:
Ozarbayjon – 1,0 ming tonna;
Rossiya – 892 tonna;
Qozog‘iston – 707 tonna;
Qirg‘iziston – 558 tonna;
Pokiston – 455 tonna;
Turkmaniston – 347 tonna;
Germaniya – 330 tonna;
Xitoy – 288 tonna.
Ma’lumot uchun, yerong‘oq tarkibida barcha muhim aminokislotalarni o‘z ichiga olgan katta miqdordagi oqsil mavjud. Foydali elementlarga boy tarkibi tufayli yerong‘oq hujayralarni tiklashga, immunitet tizimini mustahkamlashga, samaradorlikni oshirishga, qon tomirlarini mustahkamlashga, shuningdek stressning salbiy ta’sirini oldini olishga yordam beradi.
Foydali bo‘lishi uchun, boshqa yong‘oqlar kabi, uni meyorida iste’mol qilish kerak. Shifokorlarning fikricha, kattalar kuniga 20 grammdan ko‘p bo‘lmagan, bolalar kuniga to‘rtdan beshtagacha miqdorda muntazam iste’mol qilishi mumkin. Chunki yong‘oqning ko‘plab afzalliklari bo‘lsa-da, ular 100% xavfsiz emas.
Ushbu yong‘oqni besh yoshgacha bo‘lgan bolalar, shuningdek, oshqozon-ichak trakti, varikoz va boshqa qon tomir patologiyalari bilan og‘rigan artroz, artrit, kabi kasalliklar og‘rigan odamlarning ratsioniga kiritmaslik kerak.