TOShKENT, 29 sen — Sputnik. O‘zbekiston taqshi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
“BMT bosh qarorgohida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Janobi Oliylari bilan uchrashishdan mamnunmiz. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining salomini yetkazdik va Bosh kotib janoblariga BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasi boshlangani va Kelajak sammiti muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladik. BMT rahbariyati va tuzilmalarining O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar dasturini doimiy qo‘llab-quvvatlashini yuksak qadrlaymiz”, — deb yozadi vazir o‘zining Telegram-kanalida.
Shunday qilib, vazir boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasidagi ishtirokini yakunladi.
Sessiyaning so‘nggi kunlarida Avstriya, Botsvana, Rossiya, Kuvayt, Liberiya, Togo, Belarus, Kipr, Finlyandiya, Nikaragua, Bagama orollari, Chexiya, Braziliya, Xorvatiya, Ozarbayjon, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya, Hindiston, Hamdo‘stlik mamlakatlari tashqi ishlar idoralari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar natijasida quyidagi hujjatlar imzolandi:
O‘zbekiston va Avstriya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
O‘zbekiston va Botsvana o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommunike;
O‘zbekiston va Liberiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma kommunike;
O‘zbekiston va Togo Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma kommunike;
O‘zbekiston va Bagama Orollari Hamdo‘stligi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommunike;
O‘zbekiston va Indoneziya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida Ikki tomonlama maslahatlashuvlar qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida o‘zaro Anglashuv memorandumi.
Vazir shuningdek, BMT Sivilizatsiyalar alyansi tomonidan tashkil etilgan “Madaniyatlararo va dinlararo muloqot orqali barqaror rivojlanish uchun tinch va inklyuziv jamiyatlar yaratishga ko‘maklashish” mavzusidagi yuqori darajadagi panel muhokamalarida ishtirok etdi.
U Markaziy Osiyo va AQSh tashqi ishlar vazirlarining “C5+1” formatidagi uchrashuvida nutq so‘zladi va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, transport-logistikani mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar muhimligini ta’kidladi.