TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Xitoy bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik qilinadi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
Prezident “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
“O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim tasdiqlandi”, — deyiladi hujjat matnida.
Bitim 2024-yil 24-yanvarda Pekinda imzolangan.
Unga ko‘ra, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirliklar va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni ta’minlaydi.