TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu armiyaga Livanning “Hizbulloh” harakatiga qarshi o‘ziga taqdim etilgan rejalarga muvofiq to‘liq kuch bilan harakat qilishni buyurdi. Bu haqda RIA Novosti bosh vazirlik idorasiga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu tariqa ular “Hizbulloh” bilan sulh bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani haqidagi xabarlarni rad etishdi.
“O‘t ochishni to‘xtatish haqidagi xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Gap Amerika-Fransiya taklifi haqida ketmoqda, unga bosh vazir hatto javob ham bermagan. Shimoldagi jangovar harakatlarni yumshatish bo‘yicha taxmin qilingan ko‘rsatma haqidagi xabar ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deyiladi bayonotda.
Qo‘shimcha qilinishicha, G‘azo sektoridagi janglar barcha urush maqsadlariga erishilgunga qadar ham davom etadi.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi rahbari o‘zining X ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Isroil mamlakat shimolida o‘t ochishni to‘xtatish mumkinligi haqidagi xabarlarni rad etib, Livanning shia harakati “Hizbulloh”ga qarshi harbiy amaliyotlar Isroil g‘alaba qozonguncha davom etishini aytdi.
Isroil armiyasi “Shimol o‘qlari” operatsiyasini o‘tkazmoqda – havo kuchlari Livanning turli hududlarida “Hizbulloh”ning marralariga katta zarbalar bermoqda. Bayrutga ham maqsadli zarbalar berildi, bu Livan shia harakatining yuqori martabali qo‘mondonlarini yo‘q qildi.
“Hizbulloh” asosan Isroil shimolida raketa hujumlari bilan javob bermoqda, ammo hujumlar doirasi sezilarli darajada oshdi. Isroil harbiylarining Livanda quruqlikdagi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi bayonotlari fonida keskinlik kuchaymoqda.