Livanga qarshi harbiy hujumlarni keskin qoralaymiz — Zaxarova

Rossiya TIV: Livandagi vaziyatning keskinlashishi juda tashvishlidir.
Sputnik
TOShKENT, 24 sen — Sputnik. Livanga qarshi amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli harbiy hujumlarni keskin qoralaymiz. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Livandagi vaziyatning keskinlashishi juda tashvishlidir.

“Livanga qarshi amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli harbiy hujumlarni keskin qoralaymiz. Biz, ayniqsa, tinch aholini nishonga olgan beg‘araz hujumlarga qat’iy yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqidagi prinsipial pozitsiyamizni alohida ta’kidlamoqchimiz. Vaziyat butunlay nazoratdan chiqib ketgunga qadar zo‘ravonlik zanjirini to‘xtatishga shoshilinch ehtiyoj bor. Biz jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz, bu esa keyingi qon to‘kilishining oldini oladi va vaziyatni siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal qilish uchun sharoit yaratadi”, — deya ma’lum qilgan Zaxarova.

Qayd etilishicha, Yaqin Sharq keng miqyosli qurolli mojaroga kirib ketishining oldini olish uchun hamma narsani qilish kerak, uning halokatli oqibatlari ham mintaqada, ham undan tashqarida muqarrar ravishda barchaga ta’sir qiladi.

“Bunday halokatli ssenariyning oldini olish uchun xalqaro va mintaqaviy hamkorlar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Biz mintaqadagi hech bir davlatning xavfsizligi boshqalar hisobiga ta’minlanmasligi kerakligidan kelib chiqamiz”, — deyiladi bayonotda.

23 sentabr kuni Isroil rahbariyati “Hizbulloh” harakatining harbiy infratuzilmasiga putur yetkazish maqsadida SAXALning “Shimol o‘qlari” deb nomlangan hujum operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil havo kuchlari Livan hududiga yirik havo hujumlarini boshladi. Mamlakat janubi va sharqidagi o‘nlab aholi punktlari hujumga uchragan. "Hizbulloh", o‘z navbatida, Isroildagi harbiy nishonlarga raketa hujumlarini kuchaytirdi.
Isroilning “Hizbulloh” qurollari saqlangan degan bahona bilan turar-joy hududlariga beg‘araz zarbalar berishi tinch aholining katta qurbon bo‘lishiga va fuqarolik infratuzilmasining sezilarli darajada vayron bo‘lishiga olib keldi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 23-sentabrdagi qurolli tajovuz natijasida halok bo‘lganlar soni 492 kishi, jumladan, 90 dan ortiq ayollar va bolalar, yaradorlar soni esa 1,6 mingdan oshgan. 24-sentabr kuni ertalab Bekaa vodiysida Isroil harbiy samolyotlarining navbatdagi hujumidan so‘ng o‘n kishidan iborat butun bir oila halok bo‘ldi.