TOShKENT, 23 sen — Sputnik. Turkiya ShHT, BRIKS va ASEAN bilan hamkorlikni mustahkamlash niyatida va bu borada muhim qadamlar tashladi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.
Rossiya Federatsiyasi prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov avvalroq Turkiya BRIKSga to‘laqonli a’zolik uchun ariza topshirgani, u ko‘rib chiqilishi haqida xabar bergan edi. Unga ko‘ra, Turkiya prezidenti 22-24 oktabr kunlari Qozon shahrida bo‘lib o‘tadigan BRIKS sammitiga taklifni qabul qilgan.
“G‘arb dunyosi bilan hamkorlikni rivojlantirar ekanmiz, biz Sharqni e’tibordan chetda qoldirmaymiz, Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT), BRIKS va ASEAN bilan muloqotimizni kuchaytirish niyatidamiz. Yaqinda bu borada muhim qadamlar qo‘ydik. Biz butunlay boshqacha iqlimga erishdik. Turkiyaga e’tibor qaratgan va mamlakatimiz manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda turli mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligimizni yanada rivojlantiramiz”, — deya iqtibos keltirdi "Anadolu" agentligi AQShda bo‘lib turgan Turkiya rahbarining so‘zlaridan.