TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Rossiya kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolarini qonuniy tarzda ish bilan ta’minlash taklifini bildirdi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekiston bosh konsuli Jahongir Parmanov Rossiyaning "Keyterinburg" federal oziq-ovqat kompaniyasi rahbari Ruslan Doljenko bilan uchrashdi.
Unda Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotganlarning huquqiy himoyasi, ularga yaratib berilayoigan shart-sharoitlar to‘g‘risida fikr almashildi.
"Ruslan Doljenko kompaniya Sverdlovsk viloyatida o‘z faoliyatini kengaytirayotganini bildirdi. Shuningdek, u yangi tashkil etilayotgan quvvatlarga 100 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosini qonuniy tarzda ish bilan ta’minlash imkoniyati borligini ma’lum qildi", —deyiladi xabarda.
Muloqot yakunida taklif etilgan bo‘sh ish o‘rinlariga o‘zbekistonliklarni jalb etish maqsadida mamlakatning tegishli tashkilotlari vakillari bilan alohida uchrashuv tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi.