TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida quyosh fotoelektr stansiyasining qurilish loyihasi boshlandi, deya xabar berdi viloyat hokimligi.
Qayd etilishicha, Bo‘ka tumani hokimi Xitoy Xalq Respublikasining "China DaTang Corporation" kompaniyasi vakillari bilan birgalikda "Bo‘ka" mahallasida amalga oshirilishi belgilangan loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
“Loyiha taqdimoti bilan tanishildi. Uni amalga oshirish jarayonlari, kutilayotgan natija va kelgusidagi rejalar to‘g‘risida fikr almashildi. Shuningdek, 263 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasiga start berildi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, prezidentning tegishli qaroriga asosan xitoylik investorlar 621 gektar yer maydonida loyiha qiymati 150 mln dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobidan quyosh fotoelektr stansiyasi hamda havo uzatish tarmog‘ini quradi.