Toshkentdagi ICT WEEK 2024 da qanday ishlanmalar taqdim etildi — video

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarni namoyish etish uchun platforma yaratish.
Sputnik
Toshkentda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Unda robototexnika, internet tizimlari va mobil ilovalar sohasida faoliyat yurituvchi 200 tadan ortiq xorijiy va mahalliy IT-kompaniyalar ishtirok etmoqda. Tadbir doirasida xalqaro forumlar, sammitlar, tanlovlar va konferensiyalar ham o‘tkaziladi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston-axborot texnologiyalari sohasida 2004-yildan buyon har yili o‘tkazib kelinmoqda. U an’anaviy ravishda bir qator ixtisoslashtirilgan tadbirlarni yagona formatga birlashtiradi.

"Forumning asosiy maqsadi O‘zbekistonda raqamli hukumatni rivojlantirishdagi dolzarb muammo va to‘siqlarni aniqlash, mavjud imkoniyatlar va istiqbolli rejalarni belgilab olish orqali fuqarolarning davlat xizmatlaridan yanada tezkor, qulay va xavfsiz foydalanishini ta’minlash, davlat xizmatlarini bundanda samarali, shaffof va ishonchli tarzda taqdim etishga erishishdan iborat", — deya ma’lum qildi Raqamli texnologiyalar vazirligi.

ICT Week Uzbekistan 2024 ochilishida so‘zga chiqqan raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov BMTning har ikki yilda o‘tkaziladigan elektron hukumatni rivojlantirish indeksida O‘zbekistonning 6 pog‘onaga yuqorilab, 63-o‘rinni egallagani va indeksning juda baland guruhiga qo‘shilganini ta’kidladi.
Haftalik 20-sentabrgacha davom etadi. Unga soat 9:00 dan 18:00 ga qadar tashrif buyurib, kompaniyalar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma va stendlar bilan yaqindan tanishish mumkin.
Batafsi — Sputnik O‘zbekiston videosida.