TOShKENT, 19 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasini qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari Vitaliy Savelyev, Rossiya prezidenti maslahatchisi Igor Levitin va "Rossiyskie jeleznie dorogi" (Rossiya temir yo‘llari) kompaniyasi boshqaruvi raisi Oleg Belozorovdan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Rossiya delegatsiyasi a’zolari davlat rahbariga Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Joriy yilning 26-28 may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
“Mintaqada samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi”, — deyiladi xabarda.
Transport sohasida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini jadallashtirish, avtomobil, temir yo‘l va aviatsiya yo‘nalishlarida sheriklikni yanada kengaytirish, yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlash muhimligi qayd etildi.