TOShKENT, 17 sen — Sputnik. Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning harbiy sanoat korxonalarini ta’minlovchi energetika obyektlariga hujum qildi, deb xabar qildi Mudofaa vazirligi.
Xabarga ko‘ra, tezkor-taktik aviatsiya, uchuvchisiz uchish apparatlari, raketa qo‘shinlari va artilleriya Ukraina harbiy-sanoat kompleksi korxonalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi energiya obyektlariga zarba berdi.
Shuningdek, 145 ta hududda qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va moddiy boyliklar saqlanadigan joylarga hamda Ukraina Qurolli kuchlari qo‘shinlari va texnikasi joylashgan joyga hujumlar uyushtirildi. Oxirgi 24 soat ichida havo hujumidan mudofaa tizimlari 36 ta dron va Amerikaning HIMARS raketasini urib tushirdi.
Ukraina Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 17-sentabr ertalabki holatga ko‘ra harbiy harakatlar va texnik qoidabuzarliklar tufayli mamlakatdagi 975 ta aholi punkti to‘liq yoki qisman energiyadan uzilgan.