TOShKENT, 15 sen — Sputnik. Bu yil Hamdo‘stlikning madaniy poytaxtiga aylangan Samarqand shahri uchun muhim yil bo‘ldi. Bu haqda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ma’lum qildi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Sankt-Peterburgda X xalqaro madaniy forum doirasida MDHga a’zo davlatlar Madaniy hamkorlik kengashining o‘ttiz to‘qqizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 2024-yilda “Hamdo‘stlik Madaniyat poytaxti” davlatlararo dasturini Samarqandda amalga oshirilishining borishi va keyingi yillarda dasturni amalga oshirishda rejalashtirilgan ishlar haqida nutq so‘zladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yil O‘zbekiston, ayniqsa, Hamdo‘stlikning madaniy poytaxtiga aylangan Samarqand shahri uchun muhim yil bo‘ldi.
Hamdo‘stlik madaniyati poytaxtlari dasturi madaniy meros boyligini namoyish etish va Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida madaniy almashinuvni rivojlantirishga qaratilgan noyob tashabbusdir.
"Samarqand MDH davlatlaridan ko‘plab mehmonlar va ishtirokchilarni qabul qilgan madaniy almashinuv markaziga aylandi. Festival hamda turli tadbirlarni o‘z ichiga olgan ko‘rgazma va konsert dasturlari, O‘zbekiston va MDHga a’zo davlatlar vakillarining mahorat darslari o‘tkazilgan mazkur tadbir bizga mintaqamizning o‘ziga xos an’analari, san’atini namoyish etish imkonini berdi, shuningdek, xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi", — dedi Ozodbek Nazarbekov.
Qayd etilishicha, bugun samarqandlik ustalarning iste’dodli asarlari Nyu-York, Parij, Berlin, London, Sankt-Peterburg va MDHning boshqa shaharlaridagi muzeylar zallarini bezab turibdi.
Madaniy hamkorlik kengashining o‘ttiz to‘qqizinchi majlisi kun tartibiga ko‘ra, Rossiya madaniyat vaziri Olga Lyubimova, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qirg‘iziston madaniyat vaziri Altinbek Maqsutov, Tojikiston madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyonlar nutq so‘zlashdi.