TOShKENT, 14 sen — Sputnik. O‘zbekiston sayyohlik salohiyati 12-13 sentabr kunlari Malayziyada bo‘lib o‘tgan To‘rtinchi xalqaro ziyorat turizmi konferensiyasida taqdim etildi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
Tadbir Malayziya Turizm, san’at va madaniyat vazirligi, Islom turizm markazi, Selangor shtati administratsiyasi tashabbusi bilan tashkil etildi. Unda 1000 dan ortiq mahalliy va xorijiy sayyohlik kompaniyalari, halol mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar, mehmonxona boshqaruv kompaniyalari, OAV vakillari, taniqli blogerlar, bir qator aviakompaniyalar hamda xorijiy mamlakatlar vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev ishtirokchilarga O‘zbekistonda turizm sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ziyorat turizmini jadal rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil so‘zlab berdi. Xususan, tadbir qatnashchilari Buxoro, Samarqand, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahridagi islom dunyosiga oid bir qator ziyoratgohlar faoliyati bilan tanishdilar.
So‘nggi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 90 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan Malayziya fuqarolari uchun respublikaga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani ma’lum qilindi.
Bugungi kunda Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlari o‘rtasida "Uzbekistan Airways" va "Batik Air Malaysia" aviakompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlari mavjudligi, ushbu yo‘nalish Markaziy Osiyo va Janubiy-Sharqiy Osiyo mintaqasi o‘rtasidagi sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Malayziyada O‘zbekiston turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish uchun mahalliy "Halal Rest & Rehlah" sayyohlik jurnalida O‘zbekistonga bag‘ishlangan maqola chop etildi va ushbu jurnal konferensiya ishtirokchilariga tarqatildi.