Investitsiyalarni ko‘proq jalb etish uchun “garov xati”ni onlayn rasmiylashtirish taklif etildi

Deputatlar garov xatini rasmiylashtirish tartibini o‘zgartirishga oid qonun loyihasini qabul qilishdi.
Sputnik
TOShKENT, 11 sen — Sputnik. Endilikda garov xati onlayn tartibda rasmiylashtiriladi, deya xabar berdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Quyi palataning navbatdagi majlisida “Ipoteka krediti bozorining rivojlantirilishi va kengaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Aytilishicha, aholining uy-joylarga o‘sib borayotgan ehtiyojini qanoatlantirish uchun bozor tamoyillari asosida tijorat banklariga moliyaviy resurslar taqdim etish zarur.
Buning uchun ipoteka bozorini uzoq muddatli resurslar bilan ta’minlashda faqat davlat budjeti yoki tashqi qarz mablag‘larini jalb etmasdan ipoteka bozoridagi vositalardan keng foydalanish maqsadga muvofiq.
“Odatda bank ipoteka kreditini ajratganidan so‘ng ushbu mablag‘lar qaytishini 20-yil kutishi kerak. Banklar ajratilgan mablag‘lar aylanmasini tezlashtirish uchun ushbu kreditlarning o‘zini aktiv sifatida ishlatadi. Buning vositalaridan biri bu garov xatini rasmiylashtirish hisoblanadi”, — deyiladi xabarda.
Garov xatini boshqa shaxsga o‘tkazish fuqaro uchun ipoteka krediti shartlarini o‘zgartirmaydi va unga qo‘shimcha majburiyatlarni yuklamaydi. Bunda faqat kredit bo‘yicha to‘lovlarni qabul qiluvchi shaxs o‘zgaradi, xolos. Keyinchalik bank garov xatlarini ta’minot sifatida ishlatib, boshqa moliyaviy institutlardan qarz mablag‘larini jalb qilishi mumkin bo‘ladi.

“Garov xati rasmiylashtirilgandan keyin bu noinvestitsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan qimmatli qog‘ozga aylanadi. Maqsadli qimmatli qog‘oz bo‘ladi. Bu har kimga ham sotilmaydi. Bank buni o‘zi aktiv sifatida olib uchinchi moliyaviy institut bilan yoki boshqa bank bilan aloqaga kirishishi mumkin. Garov xati bilan faqat ipoteka krediti jalb qilishi mumkin. Boshqa narsaga ishlata olmaydi. Olgan mablag‘ini ham ipotekaga joylab, shuni hisobiga qurilgan uy-joylar bo‘ladigan bo‘lsa o‘sha kreditni kafolati sifatida rasmiylashtiriladi”, — deya tushuntirdi deputat Nazarov Sharofiddin.

Amaldagi qonunchilikda garov xati mexanizmini takomillashtirish orqali ipoteka bozoriga uzoq muddatli resurslarni jalb etish va ipoteka kreditini aktiv sifatida muomalaga kiritish nazarda tutilgan.
Mazkur qonun loyihasi bilan “Ipoteka to‘g‘risida”gi qonunga onlayn tartibda yoki davlat xizmatlari markaziga borish orqali garov xatini rasmiylashtirish va garov xati bilan bog‘liq boshqa harakatlarni amalga oshirish maqsadida o‘zgartirishlar kiritish taklif qilinmoqda.
“Hozir qonunchilikda shu imkoniyat bo‘lmaganligi sababli, banklar qo‘lida turgan resursdan xalqaro bozordan moliyaviy resurslarni jalb qilish uchun foydalana olmayapti. Qonunga o‘zgartirish kirganidan keyin, banklarimiz xalqaro bozordan ko‘proq investitsiyalar jalb qilish imkoniga ega bo‘ladi”, — deydi deputat Alisher Qodirov.
Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi direktori Murodjon Farmonovning so‘zlariga ko‘ra, qog‘oz shaklidagi garov xati bundan keyin ham mavjud bo‘lishi mumkin.

“Bugungi kunga kelib tijorat banklari tomonidan shakillantirilgan 20 mingta ipoteka kreditini jamlab, qimmatli qog‘oz shakliga aylantirib sota olishimiz uchun bizga elektron shakldagi qulaylik, samarodor instrument kerak. Qog‘oz shaklidagi garov xati bu imkonni bermaydi. Ya’ni 20 mingta holatning hammasida shaxsan kadastrga borib, shaxsan rasmiylashtirish kerak. Hozir ipoteka kreditini bittama-bitta garov reyestriga kiritib borapmiz”, — deya aniqlik kiritdi Farmonov.

Aytilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi garov xatini rasmiylashtirish, uni berish, qayta moliyalash jarayonini jiddiy tarzda soddalashtirish imkonini beradi.