Saida Mirziyoyeva: afg‘onistonlik ayollarni kasblarga o‘qitishni davom ettirishga tayyormiz

Saida Mirziyoyeva Qatarda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida nutq so‘zladi.
Sputnik
TOShKENT, 10 sen — Sputnik. O‘zbekiston gumanitar inqirozning oldini olish yo‘lida afg‘onistonlik qizlar va ayollarni zaruriy kasblarga o‘qitish ishlarini davom ettirishga tayyor. Bu haqda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Saida Mirziyoyeva
Qayd etilishicha, ta’limni tajovuzlardan himoya qilish xalqaro kuni munosabati bilan Qatarda davra suhbatida bo‘lib o‘tdi.
“2018 yili Prezidentimiz tashabbusi bilan Termiz shahrida kasb-hunar ta’limi markazi ochildi, hozirga qadar bu yerda 700 nafarga yaqin Afg‘oniston fuqarosi tahsil oldi, ulardan 200 nafari – xotin-qizlar. Afg‘onistonlik ayollar uchun bu juda muhim – mamlakatda ona va bola salomatligini muhofaza qilish sohasida malakali tibbiy kadrlar yetishmovchiligi kuzatiladi. Biz gumanitar inqirozning oldini olish yo‘lida afg‘onistonlik qizlar va ayollarni zaruriy kasblarga o‘qitish ishlarini davom ettirishga tayyormiz”, — deb yozadi Mirziyoyeva.
Saida Mirziyoyeva
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qatar hukumati va “Education Above All” jamg‘armasi bu borada yordam berishga shay.
“Mavjud vaziyatni inobatga olsak, bu vazifani uddalash barcha tomonlar uchun oson bo‘lmaydi. Lekin biz bu yo‘lda bor kuch-quvvatimizni ishga solishga tayyormiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xotin-qizlar uchun eng yaxshi himoya —ta’lim olish imkoniyatidan emin-erkin foydalanish.
Afg‘onistonlik yoshlar O‘zbekiston diplomlarini olishdi — foto