Mixail Mishustin Toshkentga keldi

Mishustin O‘zbekiston bosh vaziri bilan birgalikda hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisini o‘tkazadi va prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashadi.
Sputnik
TOShKENT, 9 sen — Sputnik. Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri Mixail Mishustin Toshkentga keldi, deya xabar berdi Rossiya hukumati matbuot xizmati.
"Mixail Mishustinni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov va Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov kutib oldi", — deyiladi xabarda.
Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri Mixail Mishustin O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan birga G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, u yerda gul qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Shundan so‘ng bosh vazirlar yuqori texnologiyali, eksportga yo‘naltirilgan sanoat korxonalari guruhini o‘z ichiga olgan "Texnopark" ishlab chiqarish kompaniyasi faoliyati bilan tanishishni rejalashtirmoqda.
Bugun ikki davlat prezidentlari Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yilda tuzilgan Rossiya va O‘zbekiston hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Tomonlar may oyida Rossiya prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini muhokama qiladi.
Rossiya Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmatiga ko‘ra, hukumat rahbarlari sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratish niyatida. Tashrif yakunida qo‘shma kommunike, shuningdek, qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar qabul qilinadi.
"10 sentabr, seshanba kuni Rossiya bosh vazirining O‘zbekiston prezidenti bilan muloqoti rejalashtirilgan", — deyiladi Rossiya bosh vaziri matbuot xizmati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya hukumati rahbarining respublikaga rasmiy tashrifi 9 va 10-sentabr kunlari davom etadi.