TOShKENT, 8 sen — Sputnik. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Musa Djamanbayev bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida kelgusida savdo-iqtisodiy, tadbirkorlik, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida ham doimiy muloqot maydonlarini tashkil etish xususida fikr almashildi.
“Ikki mamlakat prezidentlarining qat’iy siyosiy irodasi va do‘stona munosabatlari tufayli o‘zaro hamkorlik kengayib borayotgani hamda o‘zbek va qirg‘iz xalqlari farovonligi uchun xizmat qilayotganligi ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, hududlararo hamkorlik dasturlarining ijobiy natijalari e’tirof etilib, mazkur aloqalarni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi.