TOShKENT, 5 sen — Sputnik. O‘zbekistonda bir necha marta saylov bulletenini berganlik uchun javobgarlik belgilandi. Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi, deya xabar berdi Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, saylov komissiyasining yoki referendum o‘tkazuvchi komissiyaning a’zosi tomonidan fuqaroga bir necha marta yoki boshqa shaxslar nomidan ovoz berish uchun saylov bulletenini berganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Shuningdek, siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasiga oraliq yoki yakuniy hisobotni taqdim etmaganlik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaganlik yoxud hisobotda bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritildi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Eslati o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senatining navbatdagi majlisida senator Narimon Umarov ma’lum qilganidek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 51–10–prim va 51–11–prim moddalari bilan to‘ldirilmoqda. Bunda ovoz berish bulletenlarini berish tartibini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilanmoqda.
Ma’lumot uchun, Saylov kodeksiga ko‘ra, saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘ladi.
27 oktabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev respublika mustaqilligining 33-yilligi munosabati bilan bayram tantanasida so‘zlagan nutqida butun xalqni saylovda faol ishtirok etib, Yangi O‘zbekiston uchun, erkin va farovon hayot, farzandlarning baxti va istiqboli uchun ovoz berishga chaqirdi.