O‘zbekstonda parlament saylovlari — 2024
2024 yil 27-oktabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyatlar, shahar va tuman kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

MSK yangi shakldagi saylov bulletenlarini tasdiqladi

Qayd etilishicha, bu yilgi saylovlardagi bulletenlar mutlaqo yangi shaklda tasdiqlandi.
Sputnik
TOShKENT, 5 sen — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi (MSK)ning navbatdagi majlisida saylov bulletenlarining shakli tasdiqlandi, deya xabar berdi komissiya matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, bu yilgi saylovlardagi bulletenlar mutlaqo yangi shaklda tasdiqlandi.
“Ushbu saylov bulletenlarining ixchamligi bulletenni chop etish xarajatlarini kamida 3 mlrd so‘mgacha iqtisod qilish imkonini bermoqda”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, har bir saylov turi uchun bulletenlarning rangi ham turlicha.
Qonunchilik palatasining bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha saylov bulleteni och ko‘k rangda;
yagona saylov okrugi bo‘yicha saylov bulleteni och yashil rangda;
xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashi saylovi bo‘yicha saylov bulleteni och sariq rangda;
xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi saylovi bo‘yicha saylov bulleteni och kulrang rangda.
“Xuddi shu tartibda ovozlarni sanab chiqish natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalar ham saylov bulletenlari rangiga mutanosib ravishda chop etilishi”, — qayd etildi.
Aytilishicha, ushbu holatda saylov uchastkasida ovoz berish natijalarini hisoblash algoritmlari xronometraj qilinganda uchastka saylov komissiyasining ish hajmi va natijalarni aniqlash uchun sarflanadigan vaqt sarfi qisqargani kuzatildi.
“Avvalgi saylovlarda ovoz berish natijalarini hisoblash uchun uchastka saylov komissiyalari o‘rtacha 4 soat vaqt sarflashgan bo‘lsa, yangi shakldagi saylov bulletenlari joriy etilishi ushbu vaqtni kamida 1 soatgacha qisqartirish, butun respublika bo‘yicha esa, komissiyalarning kamida 11 ming soatgacha vaqtini tejash imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.
Natijada, avvalgi saylovlardagi uchastka saylov komissiyalarining o‘rtacha 11 nafar a’zolari sonini bu yilda o‘rtacha 10 nafargacha, ya’ni respublika bo‘yicha 2,1 ming nafargacha kamaytirishga hamda ular uchun sarflanadigan 2 mlrd so‘mlik kompensatsiya to‘lovlari bo‘yicha xarajatlarni ham iqtisod qilinishiga erishilmoqda.
Aytilishicha, saylov bulletenlarining ixcham hajmi va turli ranglarda chop etilishi saylovchilar uchun ham qulaylik yaratadi. Bunda bulletenlarni bir-biridan ajratib olish va ularni to‘ldirish jarayonlari yanada osonlashadi.
Bundan tashqari, MSKning qarori bilan mahalliy Kengashlar sayloviga doir saylov bulletenlarining shakli va matni namunasi ham tasdiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, 27-oktabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.
Endi “oilaviy” ovoz berish uchun bulleten berganlar javobgarlikka tortiladi