Mirziyoyev Qirg‘izistonning ikki nafar vakilini faxriy unvon bilan mukofotladi— ular kimlar?

Nur Omurbayevga xalq artisti, Zakirbek Duyshenbek uuluga esa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni berildi.
Sputnik
TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Qirg‘izistonning madaniyat va san’at sohalari vakillaridan bir guruhi faxriy unvonlar bilan mukofotlandi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.
Mazkur unvonlar soha vakillariga mamlakatlar o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari hamda strategik sheriklik aloqalarini rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish borasidagi katta xizmatlari uchun berildi.
“O‘zining yorqin va betakror iste’dodi, musiqa va qo‘shiqchilik yo‘nalishidagi sermahsul ijodiy faoliyati bilan madaniyat va san’at sohalarida muloqotni kengaytirish, mushtarak tarixiy meros, ma’naviy qadriyat va an’analarimizni asrab-avaylash va boyitishga qo‘shgan munosib hissasi, qardosh xalqlarimiz orasidagi birodarlik rishtalarini mustahkamlash yo‘lidagi ibratli ishlari uchun quyidagilarga faxriy unvonlar berilsin”, — deyiladi farmon matnida.
"O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti" faxriy unvoni bilan
Omurbayev Nur Santashevich - T.Satilganov nomidagi Qirg‘iz milliy filarmoniyasining estrada-simfonik orkestri badiiy rahbari va bosh dirijori
"O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist" faxriy unvoni bilan
Duyshenbek uulu Zakirbek - Qirg‘iz Respublikasidagi erkin ijodkor, komuz sozandasi