TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’limni rivojlantirish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, oxirgi yetti yilda maktabgacha ta’lim tizimida qamrov darajasi 27 foizdan 74,6 foizga ko‘tarildi. Kelgusi besh yilda buni 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Taqdimotda maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi. Jumladan, qamrovni kengaytirish maqsadida maktablarning bo‘sh yerlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha qurishga ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’limni rivojlantirish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
"Davlat dasturi asosida ishlab chiqilgan o‘quv-metodik materiallar hamma bog‘chalarda ham to‘liq emas. Nodavlat muassasalar internet manbalaridan foydalanmoqda. Shuning uchun endi barcha dasturlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining veb-saytida joylashtirilishi hamda undan bepul foydalanilishi belgilanmoqda", — deyiladi xabarda.
Ilg‘or xorijiy tajribada bolalarning aqliy va kognitiv salohiyati, jismoniy, ruhiy, ijtimoiy holati doimiy kuzatilib, tarbiya yo‘naltiriladi. Shundan kelib chiqib, Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida “Bolaning rivojlanish xaritasi”ni yuritish vazifasi qo‘yilmoqda.
Bog‘chalardagi pedagoglarning katta qismi o‘rta maxsus ma’lumotli. Sohada malaka oshirishning hozirgi muddati besh yilda bir marta. Bu jarayonni jadallashtirish maqsadida malaka kurslari oralig‘ida “Metodik mahorat soati” va “Metodik mahorat kuni” tadbirlarini o‘tkazish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, bu yo‘nalishdagi oliy ta’limda dual ta’lim shaklini ochish, sirtqi va kechki o‘quvlarda maqsadli kvotalarni oshirish taklif etilmoqda.
Bugungi kunda davlat bog‘chalarida davomat, oziq-ovqat xarajatlari qog‘oz shaklida to‘ldirilmoqda. Endi biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasini qo‘llagan holda hisobotlarni raqamlashtirish talabi qo‘yilmoqda.
2022 yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro fan olimpiadalarida 45 ta medal olgan bo‘lsa, bu yil 113 taga yetdi.
Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’limni rivojlantirish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Ularni puxta tayyorlab, natijadorlikni oshirish uchun xalqaro fan olimpiadalari ishtirokchilarini 5-8-sinflardan boshlab saralab olish yo‘lga qo‘yiladi. Har bir fan bo‘yicha o‘quv dasturlari, adabiyotlar, metodik tavsiyalarva qo‘llanmalar takomillashtirilib, o‘quvchi va murabbiylarga yetkaziladi. Terma jamoalarga chet ellik mutaxassislar jalb qilinadi, xorijiy jamoalar bilan qo‘shma yig‘inlar o‘tkaziladi”, — deyiladi xabarda.
Bugungi kunda 22 ta xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar pul mukofoti bilan taqdirlanmoqda. Endi mukofotlanadigan olimpiadalar soni 28 taga oshiriladi. Respublika va xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar, ularning o‘qituvchilari va terma jamoa rahbarlariga to‘lanadigan pul mukofotlari hamda sovg‘alar daromad solig‘idan ozod etiladi.