TOShKENT, 4 sen — Sputnik. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva BMT bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze bilan uchrashdi, deya xabar berdi O‘zbekiston yuqori palatasi matbuot xizmati.
Uchrashuvda O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan idoralari, shu jumladan, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqboldagi rejalari ko‘rib chiqildi.
“Muloqot chog‘ida mintaqa davlatlari o‘rtasida yaqin qo‘shnichilik aloqalari, iqtisodiy o‘sish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni izchil davom ettirish yuzasidan fikr almashildi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, muloqotda gender tenglikni ta’minlash hamda yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish, shu jumladan ta’lim bilan bog‘liq masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bu borada ta’sirchan parlament nazorati orqali hamkorlikda aniq manzilli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi.