TOShKENT, 2 sen — Sputnik. Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida (YTH) O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari jabrlandi, deb xabar qilmoqda viloyat IIV bo‘limi.
Hodisa yakshanba kuni soat 11 larda Navashino tumanidagi M-12 federal avtomagistralining 357-kilometrida sodir bo‘lgan.
"Hyundai Starex" rusumli mikroavtobus haydovchisi Tojikiston fuqarosi boshqaruvni yo‘qotib, to‘siqqa urilgan va ag‘darilib ketgan. Mashinada 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. YTH oqibatida 8 nafar yo‘lovchi qurbon bo‘lgan, 4 kishi, jumladan, haydovchi kasalxonaga yotqizilgan", - deyiladi xabarda.
Rossiya Ichki ishlar vazirligining qo‘shimcha qilishiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Rossiya hududida qonuniy bo‘lgan.
Hodisa yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 264-moddasi 5-qismi (“Ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lgan YTH sodir etish) bilan jinoyat ishi ochilgan.