TOShKENT, 1 sen — Sputnik. O‘zbekistonlik Sharifa Davronova Peruda bo‘lib o‘tgan yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Peruda yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi. Unda Sharifa Davronova uch hatlab sakrash dasturida g‘alaba qozonib, dunyo birinchiliklaridagi ikkinchi oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Davronova musobaqada 13.75 metr natija qayd etdi. U 2-yil muqaddam Kolumbiyadagi U20 jahon chempionatida ham oltin medal sohibi bo‘lgan edi.
Shuningdek, balandlikka sakrash dasturida medallar uchun kurash olib borgan Barnoxon Sayfullayeva 1.84 metrga sakrab, shaxsiy rekordini takrorladi. Afsuski, bu Sayfullayevaga sovrinli o‘rinlarga ko‘tarilish uchun kamlik qildi va u musobaqani 6-o‘rinda yakunladi.