TOShKENT, 30 avg — Sputnik. O‘zbekiston delegatsiyasi Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ikkita medal qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Ilk medalga para suzuvchi Muslima Odilova mualliflik qildi. S13 klassida ishtirok etgan Odilova 100 metrga batterflyay usulida suzish dasturida marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Para taekvondochi Ziyodaxon Isoqova ikkinchi medalni keltirdi. -47 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Isoqova finalda perulik Leonor Karransaga qarshi murosasiz kechgan bahsda 4:10 hisobida imkoniyatni boy berdi va kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Kecha Fransiyaning Parij shahrida XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari boshlandi. Musobaqa 8-sentabrga qadar davom etadi. O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z tarixida ilk bor 9 sport turida 65 nafar sportchi bilan 113 ta litsenziya qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.