TOShKENT, 29 avg — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev akademik Behzod Yo‘ldoshev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, fizika-matematika fanlari doktori, akademik, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston fan arbobi Behzod Yo‘ldoshev 2024-yil 28-avgust kuni 79 yoshida vafot etdi.
Behzod Yo‘ldoshevga hamdardlik Shavkat Mirziyoyev, Tanzila Norboyeva, Nuriddin Ismoilov, Abdulla Aripov, Shavkat Ayupov tomonidan bildirildi.
“Fidoyi olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Behzod Yo‘ldoshevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, — deyiladi xabarda.
Yo‘ldoshev 1945-yil 9-mayda Toshkent shahrida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent davlat universitetini fizika mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Mehnat faoliyatini 1968-yilda Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti stajor-tadqiqotchisi sifatida boshladi. 1972-yilda nomzodlik, 1982-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2000-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.
Yuqori energiyalar fizikasi sohasida xalqaro miqyosda keng e’tirof etilgan olim Yadro fizikasi instituti direktori, Fanlar akademiyasi prezidenti lavozimlarida o‘zining yuksak ilmiy va tashkilotchilik salohiyatini namoyon etdi. Yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy natijalarni iqtisodiyot tarmoqlarida qo‘llash ishlariga munosib hissa qo‘shdi.
Keyingi yillarda Fanlar akademiyasi prezidenti sifatida ilm-fan sohasini modernizatsiya qilish, akademiya tuzilmasini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot muassasalarini rivojlantirishga rahbarlik qildi.
Yo‘ldoshev uzoq yillik ilmiy faoliyati davomida yadro fizikasi va elementar zarrachalar fizikasi bo‘yicha ko‘plab kashfiyotlar muallifi sifatida tanildi. Olimning 400 dan ortiq ilmiy ishlari, monografiyalari, yadro tadqiqotlari bo‘yicha fundamental tadqiqotlari nufuzli xorijiy nashrlarda chop etilgan. Uning rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlandi.
U Xalqaro atom energiyasi agentligida fan bo‘yicha maslahatchi, AQShning Vashington va Stenford universitetlari, Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti professori lavozimlarida ishlagan. Bir qator rivojlangan mamlakatlardagi ilmiy laboratoriyalarda xalqaro tadqiqotchilar guruhlari tomonidan bajarilgan yirik eksperimentlar hamda yadroviy xavfsizlikni mustahkamlash va yadro qurollarini tarqatmaslik bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqish yuzasidan yirik loyihalarga rahbarlik qilgan.
Yo‘ldoshev O‘zbekistonda milliy parlamentarizmni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi. 2000-2004 yillarda Oliy Majlis deputati, keyingi vaqtda Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida samarali faoliyat olib borib, ilm-fan sohasini rivojlantirishga oid qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishda o‘zining jonkuyarligi va fidoyiligini namoyon etdi.
U “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “Mehnat shuhrati” ordenlari, Beruniy nomidagi davlat mukofoti, “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi" unvoni bilan mukofotlangan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun ta’ziyali xonadonga tashrif buyurdi. Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Davlat rahbari marhumning ezgu ishlarini, Vatanga xizmatlarini yodga oldi, marhumning rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirib, sabr-toqat tiladi.