TOShKENT, 28 avg — Sputnik. Pensiyani plastik kartada oladigan O‘zbekiston fuqarolariga sentabr oyi uchun to‘lovlar 1-sentabrgacha o‘tkazib beriladi, deya xabar berdi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga.
"Mamlakatimizda keksalar, pensionerlar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash, bayramni ko‘tarinki ruhda o‘tkazishlarini ta’minlash maqsadida joriy yilning sentabr oyi uchun pensiya to‘lovlarini bank plastik kartochkalari orqali olayotgan fuqarolarning pensiya to‘lovlari 1-sentabrgacha ularning kartalariga o‘tkaziladi", —deya qayd etdi jamg‘arma vakili.
Naqd pulda oladigan fuqarolarga pensiya to‘lash tasdiqlangan jadvallar asosida bayram dam olish kunlaridan keyin boshlanadi, deya qo‘shimcha qildi tashkilot.
Jamg‘arma, shuningdek, sentabr oyida fuqarolar pensiyani 15 foizga oshirishni hisobga olgan holda olishlariga aniqlik kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, Mustaqillik bayrami munosabati bilan O‘zbekiston fuqarolari prezident qaroriga muvofiq, ketma-ket 4 kun: 31-avgustdan (olti kunlik ish haftasi bilan) 3-sentabrgacha dam oladi.