Shavkat Mirziyoyev Belarus yuqori palatasi raisi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 27 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Milliy Majlisi Respublika Kengashi raisi Natalya Kochanova boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada chuqurlashtirish, jumladan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida Natalya Kochanova davlat rahbariga Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Mirziyoyev va Lukashenko muzokaralar o‘tkazdi — kelishuv tafsilotlari
“O‘zbekiston prezidenti joriy yil fevral oyida oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanayotgani, muloqot va almashinuvlar faollashayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, sanoat kooperatsiyasi loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, hududlararo ishbilarmonlik aloqalari kuchaymoqda, madaniy-gumanitar dastur doirasidagi tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.
Shu kunlarda Toshkentda o‘tkazilayotgan parlamentlar doirasidagi qo‘shma tadbirlar, jumladan, O‘zbekiston Oliy Majlisidagi uchrashuvlar va ikkinchi ayollar biznes forumining samarali natijalari yuksak baholandi.
“Ikki mamlakat o‘rtasida savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikning aniq loyihalarini ilgari surishga qaratilgan faol parlamentlararo muloqotni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Oliy Majlis Senati Belarus parlamenti bilan hamkorlikni faollashtiradi